Invento the Uzbek International School’da ilk bitiruv oqshomi qanday o‘tdi?

Ashxobod Kampusi 01.07.2026 10:02

Hech qachon takrorlanmaydigan lahzalar bo‘ladi. Vaqt go‘yo to‘xtab qolgan, ota-onalar ko‘z yoshlarini artayotgan, ustozlar bosib o‘tilgan yo‘lni tabassum bilan yodga olayotgan, o‘quvchilar esa bugundan yangi hayotlari boshlanayotganini his qilayotgan onlardir bular.

Bu oqshom zalga bitiruvchilar, ota-onalar, ustozlar va maktab hamkorlari yig‘ilib, muhim bir bosqichning yakuni hamda o‘quvchilar hayotida yangi yo‘lning boshlanishini birgalikda nishonladi. Ekranda maktab hayotidan lavhalar birin-ketin namoyish etildi: ilk loyihalar, g‘alabalar, kashfiyotlar, chiqishlar, do‘stlik va kechagina oddiy maktab kunlaridek tuyulgan, bugunga kelib esa buyuk tarixning bebaho qismiga aylangan minglab xotiralar.
Invento the Uzbek International School yuqori sinf bitiruvchilari uchun bu oqshom aynan shunday unutilmas bo‘ldi. Maktab tarixidagi ilk bitiruv marosimi o‘quvchilar, ota-onalar va ustozlarni birlashtirib, shunchaki maktab davrining yorqin yakuni bo‘libgina qolmay, maktab tarixida yangi bir sahifa ochdi.

Bayram turli yoshdagi o‘quvchilarni bir dasturxon atrofida jamladi: 12-sinf bitiruvchilari bilan bir qatorda 5 va 10-sinf o‘quvchilari ham o‘z yutuqlarini nishonladilar. Ular uchun ham bu kun yangi bilim va imkoniyatlar sari yo‘ldagi o‘zgacha bir marra bo‘ldi. PYP dasturi bitiruvchilari (5-sinf) boshlang‘ich ta’limni yakunlab, yangi akademik kashfiyotlar sari ilk qadamni tashladilar. 10-sinf o‘quvchilari esa MYP dasturini muvaffaqiyatli tamomlab, kelajakdagi akademik yutuqlari va bilimga intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida maktab tomonidan taqdim etilgan IELTS sertifikatlarini qo‘lga kiritdilar.
Yorqin bezaklar, qizil gilam va tantanali muhit tadbirning ahamiyatini ko‘rsatib turgan bo‘lsa-da, kechaning asosiy bezagi bitiruvchilarning o‘zlari bo‘ldi. Aynan ularning yutuqlari, g‘alabalari va qat’iyati bu kunni chinakam bayramga aylantirdi. Sahnaga har bir chiqish olqishlar bilan kutib olindi, har bir diplom esa ko‘p yillik mehnat, kamolot va yangi cho‘qqilar sari intilishning munosib yakuni bo‘ldi.

Maktab asoschisi va Bosh direktori Zulfiya Jahongirovna Obidovaning nutqi ayniqsa ta’sirchan bo‘ldi. U bitiruvchilarga murojaat qilar ekan, shunday dedi: «Bugun siz hayotingizning yangi sahifasi ostonasida turibsiz. Oldinda sizni universitetlar, yangi mamlakatlar, ulkan maqsadlar va yangi yutuqlar kutmoqda. Biroq qayerda bo‘lishingizdan qat’i nazar, shuni yodda tutingki, Invento hamisha tarixingizning bir qismi bo‘lib qoladi, siz esa katta Invento oilasining bir bo‘lagisiz».

Shuningdek, maktab ijrochi direktori Aleksey Semyonov o‘z nutqida bitiruvchilarning yutuqlari va matonati bilan alohida faxrlanishini bildirdi. U bitiruvchilarning dunyoning top universitetlariga o‘qishga kirishi ulkan mehnat, intizom va bilimga chanqoqlik natijasi ekanini ta’kidladi. Talabalarga yuzlanar ekan, ularga ishonch bilan oldinga qadam tashlashni, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslikni va yanada ulkan muvaffaqiyatlarga olib boradigan yangi imkoniyatlarni kashf etishni tiladi.
Bitiruvchilarning yuqori darajadagi tayyorgarligidan o‘qishga kirish natijalari ham dalolat beradi. Birinchi bitiruvchilar dunyoning Buyuk Britaniya, AQSH, Belgiya, Avstraliya, Italiya, Kipr, Turkiya va Yaponiya kabi mamlakatlaridagi 40 dan ortiq universitetdan taklif oldi. Maktab bitiruvchilarini qabul qilgan oliygohlar safida University of Birmingham, University of Leeds, Pennsylvania State University, KU Leuven, University of Wisconsin–Madison, University of Exeter, University of Western Australia va boshqa mashhur xalqaro universitetlar bor. Shuningdek, ko‘plab bitiruvchilar o‘zlarining akademik yutuqlari va yuksak salohiyatini tasdiqlovchi grantlarga ham sazovor bo‘ldi.

Bu oqshom har bir muvaffaqiyat zamirida oila mehri, ustozlar ko‘magi va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch yotgani ayniqsa yaqqol sezilib turdi.

Marosimning muhim qismi Invento Legacy Book — “Bitiruvchilar kitobi”ning imzolanisi bo‘ldi. Maktabning ilk bitiruvchilari o‘z ismlarini uning tarixiga abadiy muhrlab, yildan-yilga davom etadigan an’anaga asos soldilar.

So‘ngra butun zal intizorlik bilan kutgan lahza yetib keldi. Tantanali musiqa sadolari ostida bitiruvchilar o‘zlarining akademik qalpoqchalarini baland ko‘tardilar. Yuzlab nigohlar ham ular bilan birga yuqoriga tikildi. Ko‘z ochib yumguncha qalpoqchalar zal shiftiga qadar uchdi, chiroqlar yarq etdi, konfetti otildi, zal esa qarsaklar, tabassumlar va baxt ko‘z yoshlariga to‘lib-toshdi.

Bu so‘z bilan ta’riflab, unutilmas lahzalardan biri edi.

Rasmiy qism yakunlansa-da, bayram davom etdi. Bitiruvchilar o‘zlarining maktab yillari haqida maxsus film tayyorlab, xayrlashuv qo‘shig‘ini kuyladilar va mehmonlarga bir yo‘lning intiho topib, yangisining boshlanishi ramziga aylangan go‘zal, ta’sirli va minnatdorlikka to‘la bitiruv valsini taqdim etdilar.

Bu oqshom bitiruvchilar uchun bir bosqichning yakuni va keyingisining debochasi bo‘ldi. Maktab uchun esa ta’limga, shaxs kamolotiga va o‘quvchilarning xalqaro imkoniyatlariga kiritilgan sarmoyalar o‘zining haqiqiy samarasini berayotganining tasdig‘i bo‘ldi — buni bugun maktabning ilk bitiruvchilari muvaffaqiyatida ko‘rish mumkin.

Media